Turkiston 2025. Marafon, ziyorat, sayohat
O‘zbekistondan tashqaridagi birinchi yugurish musobaqam qanday bo'lganligi haqida

Juma kuni tushdan so‘ng Qozog‘istonning Turkiston shahriga yo‘l oldik. Maqsad 26-oktabr kungi marafonda qatnashish edi. Bu marafon menga oldinda turgan Samarqanddagi yarim marafon oldidan test va ushbu shaharni aylanib kelish uchun bahona sifatida kerak edi.
Soat 15:30 larda Navoiy (Qoplonbek) chegara postiga yetib keldik. Chernyayevka posti yopiqligi uchun bu yerda odam ko‘p edi.

O‘zbekiston tarafda pasport nazorati avtomatlashgan ekan. Pasportni skanerga qo‘yasiz va yuzingizni skanerlab o‘tkazvorishadi. Qozog‘iston tomonida odamlar tekshirar ekan. Meni tekshirgan pasport nazoratidagi xola mendan “metrka”(!) so‘radi. Mendan boshqa hech kimdan so‘ragani yo‘q, eng qizig‘i. Nega so‘rayotganini ham aytmadi. Telefondan O‘zbekiston pasportimni ko‘rsatganimdan keyingina o‘tishga ruxsat berdi. Xorij pasportim yetarli bo‘lmadi. Nega bunday shubhalandi tushunarsiz.

Bir amallab o‘tib oldik. 23 ming tengega taksi gaplashib Turkistonga yo‘l oldik.
Soat 21:00 larda Turkiston shahriga yetib keldik. Shahar toza, sokin, yo‘llarda tirbandlik yo‘q, ko‘chalarda odam kam ekan.

AirBnB orqali uy olgandik. Shunga joylashik. Uy egasi o‘zbek ekan. Joylashib, ovqatlangani ko‘chaga chiqdik.
Shanba kuni startpaketlarni oldik, shahar aylandik. Ovqatlandik. Beshbarmoq yeyish nasib qilmadi.
Shaharda yangi binolar qad rostlabdi. Qadimiy binolar va zamonaviy noodatiy arxitektura shaharga boshqacha chiroy qo‘shgan.
Turkistonda o‘zbeklar ko‘p ekan. Ko‘chada, do‘konlarda, taomxonalarda odamlarga o‘zbekcha gapirsak bemalol tushunishdi, ular qozoqcha gapirdi, lekin ular gapirayotgan qozoqcha o‘zbekchaga juda o‘xshab ketadi. Rus tili deyarli ishlatmadik. Shunisi xursand qildi.



Tushdan keyin dam olib ertangi kungi yugurishga tayyorgarlikni boshladik.
Uyqu yaxshi bo‘ldi, ertalab nonushta qilmadim. Tempim tezroqligi hisobiga oshqozon bo‘sh bo‘lgani yaxshiroq bo‘ladi. Start oldidan tez so‘riladigan energetik gel ichib oldim. Sherigim Humoyun bilan birga yugurdik. Maqsad 10km ni 50 minutdan tezroq yugurib o‘tish edi. Bu 5:00/km tempdan biroz tezroq yugurish degani.
1-kilometr 5:10 atrofida temp bo‘ldi. 2-km dan 5:00 tempga chiqdik. Shu yerning o‘zida puls 180 dan oshib ketdi. Bu qizish yugurishini kam qilganim uchun edi. Yugurishda davom etdik. 5:00 tempni ushlab ketaverdik. Bu tempga organizm va oyoqlar o‘rgandi. 6-km da 2-gelni ichdim va tempni biroz oshirdim. Taxminan 4:50-4:55 lar edi. Shu tempda 9-km gacha yugurdim va oxirgi km da bor kuchim bilan bosdim.
Oxirgi km da o‘rtacha temp 4:25 bo‘ldi. Maksimum 4:00 tempgacha chiqa oldim. Undan tezroq yugurishga oyoqlarim ruxsat bermadi. Puls 196, oxirgi kuchimda yugurayotgan edim.
Finish muvaffaqiyatli bo‘ldi. Maqsadga erishildi (oshig‘i bilan), shaxsiy rekord yangilandi, o‘zimni ham yaxshi his etayotgan edim.
Bularning barchasi avvalo Allohning inoyati va keyin tayyorgarlik yaxshi bo‘lganining natijasi edi. Murabbiyim Ulug‘bek aka Halilovga alohida rahmat.

